| Bosh | Galereya | Fuqarolarning murojaatlari | Xizmatlar |           Uzb     Rus     Eng 
  Hududiy qo'mitalar
Tashkilot va bo'linmalar
   

Tabiatni asrang - bu umumiy uyimiz!

O’zbekiston: muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi

 

O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining O’rmon xo’jaligi Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda joriy yilning 11 yanvar kuni qo’riqxonalar va milliy bog’lar kuni munosabati bilan "O’zbekiston: muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi" mavzusida davra suhbatini tashkil etdilar.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi O’zbekistonning biologik xilma-xilligini muhofaza etishda asosiy o’rinni egallaydi. O’zbekistonning Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimiga 8 ta davlat qo’riqxonasi, Quyi-Amudaryo biosfera rezervati, 2 ta milliy tabiat bog’, 9 ta buyurtmaxona va jonivorlarning noyob turlarini ko’paytirish bo’yicha respublika "Jayron" ekomarkazi kiradi.
Mazkur tizimda davlat tabiat qo’riqxonalari asosiy o’rinni egallaydi. O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq davlat qo’riqxonalari hududlari qatiy muhofaza rejimi ostida bo’lib, unda yil davomida yovvoyi tabiatni muhofaza qilish borasida kuzatuvlar olib boriladi. Qo’riqxonalarning asosiy maqsadi qimmatli tabiiy ob’yektlar, landshaftlar, noyob va qimmatli o’simliklar hamda hayvonlarning irsiy fondini saqlab qolishdir. Bugungi kunda qo’riqxonalarda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar aholi o’rtasida muhofaza etiladigan yovvoyi tabiat boyliklarining muhimligini anglash, Yer yuzidagi hayotni saqlashda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning o’rni bilan bog’liq keng targ’ibot-tashviqot ishlarini olib borishga davat etilgan.
Qator mamlakatlar bioxilma-xillikni muhofaza qilishda Milliy bog’larni rivojlantirishga xissalarini qo’shmoqdalar.
2011 yilning 26 avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Hukumatining 243-sonli Qarori bilan 68717, 8 ga maydonga ega Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati tashkil etildi. Mazkur rezervat "Baday-to’qay" davlat qo’riqxonasi bazasida tashkil etildi. Qo’riqlash hududi 11568, 3 ga bo’lib, qat’iy muhofaza rejimi ostidagi hudud hisoblanadi.
Biosfera rezervati qo’riqxona va buyurtmaxona vazifalarini bajaruvchi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toifasiga kiradi. U o’z faoliyatida biologik xilma-xillik hamda biologik resurslardan fuqarolar va xo’jalik yurituvchi sub’yektlar manfaatlari yo’lida ulardan barqaror foydalanishdek faoliyatni o’zida mujassam etadi.
Biosfera rezervatlari nafaqat u joylashgan hududda istiqomat qiluvchi aholining tabiat bilan uyg’un holatda rivojlanish imkonini beradi, balki jamiyat ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Ushbu yondashuv O’zbekiston Respublikasining biologik xilma-xilligini muhofaza qilish bo’yicha Milliy strategiyasi va chora-tadbirlar rejasida o’z aksini topgan.
Hayvonlarning noyob turlarini ko’paytirish bo’yicha respublika markazi ("Jayron" ekomarkazi) maydonining kengaytirilishi mazkur yo’nalishda olib borilayotgan siyosatning yorqin misolidir. 2009 yilning 2 fevral kuni Buxoro viloyati hokimining 80-sonli qarori bilan 9369 ga maydon ekomarkaz balansiga o’tkazildi. Bugungi kunda ekomarkaz jayron, qulon, Prjeval otlari, buxoro tog’ qo’yi kabi jonivorlarning noyob turlarini ko’paytirish bilan shug’ullanadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bo’yicha asosiy me’yoriy-huquqiy hujjat bu - O’zbekiston Respublikasining 2004 yil dekabrda qabul qilingan "Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to’g’risida" gi Qonuni hisoblanadi.
Mazkur Qonunga muvofiq muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi: Davlat tabiatni muhofaza qilish qo’mitasi, Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi, Davlat geologiya qo’mitasi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat nazorati O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur Qonun shuningdek, "Biologik xilma-xillik to’g’risida", "Yovvoyi hayvonlarning ko’chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to’g’risida" hamda "Xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan suv-botqoqli hududlar to’g’risida" gi va boshqa Konvensiyalar yuzasidan olingan xalqaro majburiyatlarning amalga oshirilishini ham ta’minlab berdi.
Flora va faunaning noyob turlarini tiklash hamda ko’paytirish bo’yicha har yili muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu hududlar qator yirik tadqiqot, izlanish va kuzatishlar uchun tabiiy baza bo’lib xizmat qilmoqda. Qo’riqlash hududlari mutaxassislarining ilmiy izlanishlari «Trudû zapovednikov Uzbekistana» ilmiy monografiyasiga jamlangan. Dastlabki nashrning chop etilganidan buyon 15 yil vaqt o’tdi (1996). Mazkur yillar mobaynida uning 7 ta nashri chop etilib, tabiat shaydolari va ilmiy guruhlarning sevimli ommabop kitobiga aylandi.
Bugungi kunda O’zbekistonda bioxilma-xillikni saqlash hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish sohasida qator xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda: "Qo’riqxonalar misolida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar milliy tizimi barqarorligini ta’minlash", "O’zbekiston neft va gaz tarmog’iga bioxilma-xillikni saqlash tamoyillarini joriy qilish" va boshqalar.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi tadbirlar sababli mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organlari, jamoatchilik tashkilotlarining hamkorlikdagi faoliyatlari respublikaning muhofaza etiladigan tabiiy hududlarining yagona o’zarobog’liqlik tizimini tashkil etishi lozim.
 

chop etilgan sana: 11-01-2012 12:30
manba:



   yangiliklar bo'limiga o'tish



Web - mail
United Nations Development Programme

United Nations Environment Programme

Global Environment Facility

The World Bank Group

The Organization for Security and Co-operation in Europe

Europa House

    Copyright © 2023, O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi web-portali Ishlab chiqarish studiyasi MD.UZ